Bo'sh ish o'rinlari
I. Umumiy qoidalar
1. Mazkur Nizom, «Ta’lim to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunining 44-moddasiga muvofiq, oliy ta’lim muassasalariga pedagog xodimlarni (professor-o‘qituvchilar tarkibini) ishga qabul qilish qilish va Pedagog xodimlar faoliyatini o‘rganish va baholash mezonlari (KPI) tartibini belgilaydi. Chuqur kasbiy bilimlarga va ilmiy yutuqlarga, ijodiy, ilmiy salohiyatga, yuksak intellektual qobiliyatlar va axloqiy fazilatlarga ega bo‘lgan, Kadrlar tayyorlash milliy dasturi talablari darajasida mutaxassislar tayyorlash bilan shug‘ullanishga munosib bo‘lgan eng malakali pedagog kadrlarni tanlash uchun raqobat muhitini yaratish va ta’minlash nizomning maqsadi hisoblanadi.
II. Pedagog xodimlarga qo‘yiladigan malaka talablari
2. Pedagog xodimlar toifasiga kafedra mudiri, professor, dotsent, katta o‘qituvchi, o‘qituvchi (assistent) o‘qituvchi-stajyor lavozimini egallab turgan shaxslar kiradi. 3. Andijon davlat universitetining kafedra mudiri, professori, dotsenti, katta o‘qituvchisi, o‘qituvchisi (assistenti) o‘qituvchisi-stajyori lavozimi besh yil muddatga egallanadi. Besh yillik muddat tamom bo‘lgandan keyin ko‘rsatib o‘tilgan lavozimlar mazkur Nizomga muvofiq tanlov asosida egallanadi. Lavozimlarni egallash davrida rektor buyrug‘i bilan tasdiqlanadigan oliy ta’lim muassasasi komissiyasi tomonidan har bir o‘quv yili yakunlari bo‘yicha barcha pedagog xodimlar faoliyati (KPI) ushbu Nizomning 1-ilovasida keltirilgan mezonlar asosida, rahbar xodimlarning faoliyati 2-ilovaga muvofiq atroflicha o‘rganib chiqiladi va baholanadi, yakunlangan fan bo‘yicha o‘qituvchilarning dars berish samaradorligi talabalar tomonidan Nizomning 3-ilovasida keltirilgan mezonlar asosida anonim tarzda baholanadi. Ushbu nizomga 3-ilova bilan tasdiqlangan shaklda keltirilgan baholash ko‘rsatkichlari 0-2 ball oralig‘ida baholanadi. Bunda bitta fan bo‘yicha jami 20 ball to‘plash mumkin bo‘ladi. Nizomning 3-ilovasidagi “Yakunlangan fanlar bo‘yicha o‘qituvchilarning dars berish samaradorligini talabalar tomonidan anonim tarzda baholash natijalari” ko‘rsatkichi pedagog xodimlar tomonidan barcha yakunlangan fanlar bo‘yicha to‘plangan ballar yig‘indisining o‘rtacha qiymati (o‘rtacha arifmetik ko‘rsatkichi)ni hisoblash orqali aniqlanadi. Pedagog xodimlar faoliyatini o‘rganish va baholash hamda yakunlangan fan bo‘yicha o‘qituvchilarning dars berish samaradorligini anonim tarzda baholash natijalari universitet Kengashi yig‘ilishida ko‘rib chiqiladi. O‘rganish natijalari asosida Nizomning 1- va 2- ilovalarda keltirilgan mezonlar asosida 55 balldan kam to’plagan pedagog hamda rahbar xodimlarni universitet kengashi qaroriga muvofiq belgilangan tartibda mehnat shartnomasi muddatidan qat’iy nazar bekor qilinadi. 4. Kafedra mudiri lavozimini egallashi uchun tanlovda professor yoki dotsent ilmiy unvoniga, fan nomzodi, falsafa doktori (PhD), fan doktori (Doctor of Science) ilmiy darajasiga, shuningdek xorijiy mamlakatlarning tegishli mutaxassislik bo‘yicha ularga tenglashtirilgan boshqa ilmiy darajalariga ega bo‘lgan shaxs ishtirok etishi mumkin. Fan doktori (Doctor of Science) ilmiy darajasiga, shuningdek xorijiy mamlakatlarning tegishli mutaxassislik bo‘yicha ularga tenglashtirilgan boshqa ilmiy darajalariga ega bo‘lgan kafedra mudirlarining tanlovda ishtiroki cheklanmaydi. Bir muddati tamom bo‘lgandan keyin kafedra mudiri lavozimini egallab turgan va fan doktori ilmiy darajasini olmagan fan nomzodi, tegishli mutaxassislik bo‘yicha xorijiy mamlakatlarning falsafa doktori (Ph.D) yoki unga tenglashtirilgan boshqa ilmiy darajalariga ega bo’lgan kafedra mudirlari faqat istisno hollarda universitet Kengashi tomonidan kafedra mudiri lavozimiga qayta saylanishi mumkin. Fan nomzodi, tegishli mutaxassislik bo‘yicha xorijiy mamlakatlarning falsafa doktori (Ph.D) yoki unga tenglashtirilgan boshqa ilmiy darajalariga yoki dotsent ilmiy unvoniga ega bo‘lgan aynan bir shaxsning kafedra mudiri lavozimiga tanlovda ketma-ket uchinchi muddatga ishtirok etishiga yo‘l qo‘yilmaydi. Tillar, jismoniy tarbiya va sport, grafika va chizmachilik, madaniyat va san’at yo‘nalishlari kafedrasi mudiri lavozimini egallash uchun tanlovda ilmiy darajaga yoki ilmiy unvonga ega bo‘lmagan, biroq kamida 5 yil metodik, ilmiy-pedagogik, ijodiy va tashkiliy faoliyat tajribasiga ega bo‘lgan, sohasi bo‘yicha respublika yoki xalqaro miqyosda ma’lum yutuqlarga ega bo‘lgan shaxslar ishtirok etishi mumkin. 5. Professor lavozimini egallash uchun tanlovda, qoidaga ko‘ra, professor ilmiy unvoniga yoki fan doktori (Doctor of Science) ilmiy darajasiga, shuningdek tegishli mutaxassislik bo‘yicha xorijiy mamlakatlarning unga tenglashtirilgan boshqa ilmiy darajalariga ega bo‘lgan shaxs ishtirok etishi mumkin. 6. Dotsent lavozimini egallash uchun tanlovda, qoidaga ko‘ra, dotsent yoki katta ilmiy xodim ilmiy unvoniga, fan nomzodi, falsafa doktori (PhD), fan doktori (Doctor of Science) ilmiy darajasiga, shuningdek xorijiy mamlakatlarning tegishli mutaxassislik bo‘yicha ularga tenglashtirilgan boshqa ilmiy darajalariga ega bo‘lgan shaxs ishtirok etishi mumkin. Dotsent vazifasini vaqtincha bajaruvchi lavozimiga, tegishli ilmiy unvonga va ilmiy darajaga ega bo‘lmagan, biroq ushbu mutaxassislik bo‘yicha kamida 3 yillik amaliy ish tajribasiga ega bo‘lgan, mazkur kafedraning ta’lim yo‘nalishlari bo‘yicha darsliklar va o‘quv qo‘llanmalari muallifi bo‘lgan yuqori malakali mutaxassis ham tayinlanishi mumkin. Bir muddatga dotsent lavozimini egallash uchun tanlovda, shuningdek tegishli ilmiy unvonga va ilmiy darajaga ega bo‘lmagan, biroq ushbu mutaxassislik bo‘yicha kamida 3 yillik amaliy ish tajribasiga ega bo‘lgan, mazkur kafedraning ta’lim yo‘nalishlari bo‘yicha darsliklar va o‘quv qo‘llanmalari muallifi bo‘lgan yuqori malakali mutaxassis ham qatnashishi mumkin. (talabni kuchaytirish kerak) 7. Katta o‘qituvchi lavozimini egallash uchun tanlovda oliy ma’lumotga ega bo‘lgan oliy ta’lim tizimida kamida 5 yillik pedagogik ish stajiga ega shaxs (magistr, diplomli mutaxassis), shuningdek ilmiy daraja (shu jumladan, fan nomzodi, tegishli mutaxassislik bo‘yicha xorijiy mamlakatlarning falsafa doktori (PhD) darajasiga yoki unga tenglashtirilgan boshqa ilmiy darajalariga) va ilmiy unvonga ega bo‘lgan hamda bunday daraja va unvonga ega bo‘lmagan, biroq o‘qituvchilik, ilmiy-tadqiqot va ishlab chiqarish ishlari tajribasiga ega bo‘lgan hamda belgilangan muddatda malaka oshirish va qayta tayyorlash kursidan muvaffaqiyatli o’tgan shaxslar qatnashishi mumkin. 8. O‘qituvchi (assistent), o‘qituvchi-stajyor (o’rganish kerak) lavozimini egallash uchun tanlovda tegishli mutaxassislik bo‘yicha oliy ma’lumotga ega bo‘lgan shaxs (magistr, diplomli mutaxassis) qatnashishi mumkin. 81. Professor, dotsent, katta o‘qituvchi, o‘qituvchi (assistent), o‘qituvchi-stajyor lavozimini egallash uchun tanlovda tasviriy va amaliy san’at, sport va musiqa sohasida oliy ma’lumotga ega bo‘lmagan, biroq o‘zining noyob iste’dodi va mahorati bilan tanilib, xalq e’tirofiga sazovor bo‘lgan «O‘zbekiston Respublikasi san’at arbobi», «O‘zbekiston Respublikasi xalq rassomi», «O‘zbekiston Respublikasi xalq ustasi» faxriy unvonlariga ega bo‘lgan shaxslar hamda O‘zbekiston Badiiy akademiyasi akademiklari, istisno tariqasida qatnashishlari mumkin. 9. Homilador ayollar, shuningdek uch yoshgacha bolalari bo‘lgan ayollar egallab turgan lavozimlarga tanlov e’lon qilinmaydi. 10. Andijon davlat universitetiga o‘qituvchi lavozimiga soatbay haq to‘lash shartlarida ishga kirayotgan shaxslar, rektor buyrug‘i bilan, belgilangan tartibda qabul qilinadi. 11. Bakalavriat ta’lim yo‘nalishlarining xususiyatlaridan kelib chiqib, universitetning Kengashi qarori asosida bakalavriat talabalariga dars berish uchun magistraturaning oxirgi bosqich talabalariga 0,5 me’yorgacha pedagogik faoliyat olib borishga ruxsat beriladi.
III. Tanlovlarni o‘tkazish tartibi
12. Andijon davlat universiteti saylash muddati ushbu o‘quv yilida tamom bo‘ladigan, shuningdek bo‘sh lavozimlarga kafedra mudirlari, professorlar, dotsentlar, katta o‘qituvchilar, o‘qituvchilar (assistentlar) va o‘qituvchilar-stajyorlar lavozimlarini egallashga tanlov e’lon qiladi. 13. Tanlov bo‘yicha saylov Andijon davlat universitetining Kengashida yoki fakultetlarning Kengashida o‘tkaziladi. Universitet Kengashida yoki fakultetning Kengashida saylanadigan lavozimlarni belgilash huquqi universitet rektoriga tegishli bo‘ladi. Kafedra mudirlari va professorlar universitet Kengashida tanlov bo‘yicha o‘tadilar. 14. Tanlovlar vaqtli matbuotda yoki boshqa ommaviy axborot vositalarida, shu jumladan oliy ta’lim muassasasining ko‘p nusxali gazetasida hamda veb-saytida e’lon qilinadi. Tanlovda qatnashish uchun arizalar e’lon chiqqan kundan boshlab bir oydan kechikmay berilishi kerak. 15. Tanlovda qatnashishni xohlovchilar universitet rektori nomiga ariza beradilar, arizaga kadrlarni hisobga olish bo‘yicha shaxsiy varaqa va oliy ma’lumot to‘g‘risidagi diplomlar nusxasi ilova qilinadi. Qatnashuvchilarda ilmiy daraja (shu jumladan, fan nomzodi, tegishli mutaxassislik bo‘yicha xorijiy mamlakatlarning falsafa doktori (Ph.D) darajasiga yoki unga tenglashtirilgan boshqa ilmiy darajalariga), ilmiy unvon, shuningdek ilmiy ishlar va ixtirolar mavjud bo‘lgan taqdirda ular tegishli diplomlar, attestatlar nusxalarini va ilmiy ishlar ro‘yxatini, malaka oshirish to‘g‘risidagi guvohnomalarni taqdim etishlari kerak. 16. Tanlovga tushgan barcha hujjatlar oldindan kafedra majlisida ko‘rib chiqiladi. Tanlovda ishtirok etayotgan nomzod(lar)ning hujjatlarini ko‘rib chiqishdan oldin u(lar) tomonidan kafedra majlisida kafedraning a’zolari ishtirokida sinov darslari o‘tkaziladi. Sinov darslari mavzulari kafedra fanlari bo‘yicha o‘quv dasturi talablariga muvofiq bo‘lishi kerak. Kafedra tanlovda qatnashuvchi har bir nomzod bo‘yicha materiallarni ko‘rib chiqish, shuningdek sinov darslari natijalari bo‘yicha ochiq yoki yashirin ovoz bergan holda, kafedraning shtatdagi o‘qituvchilarining oddiy ko‘pchilik ovozi bilan kengaytirilgan ochiq majlis tavsiyanomasini qabul qiladi va uni tegishli hujjatlar bilan birga universitet (fakultet) kengashiga taqdim etadi. Fakultetning kafedra a’zosi hisoblanmaydigan dekan (prorektor) kafedra mudiri lavozimiga nomzodlar bo‘yicha tavsiyanomalar qabul qilishda ovoz berishda qatnashmaydi. Tanlovda e’lon qilingan lavozimni egallab turgan shaxs, aynan ushbu lavozimni egallash uchun taqdim qilingan materiallarni ko‘rib chiqish chog‘ida ovoz berishda qatnashmaydi. 17. Universitet (fakultet) kengashi majlisida yashirin ovoz berishni o‘tkazishdan oldin tanlovda ishtirok etayotgan har bir nomzod bo‘yicha kafedra majlisining tavsiyanomasi o‘qib eshittiriladi.. 18. Mazkur lavozim uchun tanlovda qatnashuvchi barcha shaxslarning familiyasi yashirin ovoz berish uchun bitta byulletenga kiritiladi. Ovoz berish byulletenda ovoz berilayotgan nomzodning familiyasi ro‘parasiga tegishli belgi qo‘yish yo‘li bilan amalga oshiriladi. Faqat bitta nomzod uchun ovoz berishga yo‘l qo‘yiladi. Agar byulletenda ovoz berish uchun birorta ham belgi qo‘yilmagan bo‘lsa yoxud belgi ikki yoki undan ko‘p familiyalar ro‘parasiga qo‘yilgan bo‘lsa, u holda bunday byulleten buzilgan hisoblanadi va ovozlarni hisoblashda hisobga olinmaydi. 19. Ovozlarni hisoblash uchun universitet (fakultet) Kengashi ovoz berish boshlanishidan oldin tarkibida Kengashning kamida uch nafar a’zosi bo‘lgan sanoq komissiyasini saylaydi. Sanoq komissiyasi har qaysi nomzod bo‘yicha ovoz berish natijalarini e’lon qiladi. Sanoq komissiyasi protokoli universitet (fakultet) Kengashi tomonidan tasdiqlanadi va tanlov materiallariga qo‘shib qo‘yiladi. 20. Tanlovni o‘tkazishda Kengash qarori, agar ovoz berishda Kengashning tasdiqlangan (ro‘yxatdagi) tarkibidagi a’zolarining kamida uchdan ikki qismi qatnashgan bo‘lsa, vakolatli hisoblanadi. Kengashning ovoz berishda qatnashgan a’zolarining kamida 50 foiz ovozini olgan nomzod tanlovdan o‘tgan hisoblanadi. Birortasi ham talab qilingan miqdorda ovoz ololmagan ikki nafardan ko‘p nomzodlar qatnashgan taqdirda Kengashning aynan shu majlisida dastlabki ikki talabgor o‘rtasida takroriy ovoz berish o‘tkaziladi. Agar ikki nomzod qatnashgan tanlovni o‘tkazishda ovozlar soni teng bo‘lib qolsa, raisning ovozi hal qiluvchi hisoblanadi. Kengash qarori universitt rektorining buyrug‘i bilan tasdiqlanadi. Tanlov bitta nomzoddan ariza tushgan taqdirda ham o‘tkazilgan hisoblanadi. 21. Lavozimlarni egallash uchun o‘qituvchilarni tanlash bo‘yicha kafedra va Kengash majlislari ochiq tartibda o‘tadi. Tanlovda qatnashuvchilarga ularning nomzodlari muhokama qilinadigan kafedra va Kengash majlislarida qatnashish yoki ularning xohishiga ko‘ra kafedra yoki Kengash qarori bilan tanishish huquqi beriladi. 22. Kengash kotibi tanlov natijalari to‘g‘risida o‘n kun muddatda unda qatnashgan shaxslarni yozma ravishda xabardor qiladi. 23. Universitet (fakultet) Kengashining qarori, agar u ushbu Nizom talablariga rioya etilgan holda qabul qilingan bo‘lsa, uzil-kesil hisoblanadi.
IV. Mehnat shartnomasi (kontrakt)ni tuzish, o‘zgartirish va to‘xtatish
24. Pedagog xodimlar lavozimga tanlovdan o‘tgan shaxslar bilan belgilangan tartibda mehnat shartnomalari tuziladi, mehnat shartnomalari asosida ularni besh yil muddatga ishga qabul qilish to‘g‘risida buyruq chiqariladi. Mehnat shartnomalarida ish beruvchi tomonidan har besh yilda xodim egallab kelgan lavozim uchun tanlov o‘tkazilishi belgilab qo‘yiladi, xodim esa tanlovda qatnashishga haqlidir. Mehnat shartnomasi tuzilgandan keyin xodimning ishga kirishishi shart bo‘lgan muddat tomonlarning kelishuvi bo‘yicha belgilanadi. Mazkur muddat bir oydan ortiq bo‘lishi mumkin emas. Pedagog xodimlarning yozgi ta’til davri ushbu muddatga kirmaydi. 25. Andijon davlat universitetida ishlaydigan pedagog xodimlarlarning mehnat shartnomalariga quyidagilar yozib qo‘yiladi: a) ular ilgari egallab kelgan lavozim uchun — mehnat munosabatlarini yangi muddatga uzaytirish to‘g‘risidagi ma’lumotlar yoziladi va tegishli buyruq chiqariladi; b) boshqa lavozimlar uchun — tanlovdan o‘tganlik to‘g‘risida Kengash protokoli qayd etilgan holda tegishli o‘zgartirishlar yoziladi va boshqa lavozimga o‘tkazish to‘g‘risida buyruq chiqariladi. Davlat boshqaruvi organi qaroriga ko‘ra pedagog xodimlar attestatsiyadan o‘tkazilgan taqdirda attestatsiya yakunlariga ko‘ra ish beruvchi va xodimlar o‘rtasidagi mehnat munosabatlari masalalari, shaxsning tanlov bo‘yicha egallanadigan lavozimda bo‘lish muddatidan qat’i nazar, qonun hujjatlarida belgilangan tartibda hal qilinadi. 26. Ilgari egallab kelgan lavozimi uchun tanlovdan o‘tmagan, shuningdek tanlovda qatnashish uchun ariza bermagan shaxslar bilan mehnat shartnomasi yangi muddatga tanlovdan o‘tmaganligi yoxud tanlovda qatnashishni rad etganligi sababli universitet rektori tomonidan belgilangan muddatlarda (qoidaga ko‘ra, o‘quv semestri, yil tamom bo‘lgandan keyin) mehnat qonunchiligiga muvofiq to‘xtatiladi. 27. Kafedralar birlashtirilganda yoki kafedra bo‘linganda pedagog xodimlar bo‘yicha muddatidan oldin tanlovlar o‘tkazishga yo‘l qo‘yilmaydi. Kafedralar birlashtirilgan taqdirda yangidan tashkil etilgan kafedra mudiri lavozimini egallash to‘g‘risidagi masalani universitening Kengashi oldindan tanlov e’lon qilmasdan, yashirin ovoz berish yo‘li bilan hal qiladi. Kafedra bo‘lingan taqdirda uning mudiri saylangan muddati o‘tgungacha, rektor buyrug‘i bilan yangidan tashkil etilgan kafedralardan birining mudiri lavozimiga tayinlanadi. Boshqa kafedraning mudiri lavozimiga tanlov bo‘yicha mudir tayinlanadi. 28. Universitet rektoriga tanlov o‘tkazilgungacha kafedraning yetakchi o‘qituvchilaridan bittasiga yoki dekanga bo‘sh kafedra mudiri lavozimi bo‘yicha vazifalarni bajarishni yuklashga ruxsat etiladi. Vakillik organlarida saylab qo‘yiladigan lavozimga saylanishi natijasida u bilan mehnat shartnomasi to‘xtatilgan o‘qituvchi uning saylov bo‘yicha vakolatlari tugagandan keyin tanlov natijalariga ko‘ra saylangan muddati tugagungacha universitetning ilgari egallab kelgan yoki unga teng bo‘lgan pedagog xodimlardagi lavozimga tayinlanadi. 29. Universitet rektoriga universitet (fakultet) Kengashida ko‘rib chiqish uchun pedagog xodimlarning egallab turgan lavozimlariga muvofiqligi to‘g‘risidagi masalani kiritish huquqi beriladi. Universitet Kengashida pedagog xodimning egallab turgan lavozimiga muvofiqligi to‘g‘risidagi masalani ko‘rib chiqishdan oldin uning faoliyati rektorning buyrug‘i bilan tasdiqlanadigan har bir o‘quv yili yakunlari bo‘yicha (KPI) mezonlari asosida atroflicha o‘rganib chiqish uchun tuzilgan komissiya tomonidan o‘rganib chiqilishi kerak. Kengash qarori asosida pedagog xodimni egallab turgan lavozimiga nomuvofiqligi bo‘yicha vazifasidan ozod qilishga pedagog xodimning faoliyatini o‘rganish va baholash mezonlari (KPI) bo‘yicha yetarli ball to‘play olmaganigi, ilmiy-metodik va tarbiyaviy ishlar, shuningdek leksiyalar va seminar mashg‘ulotlari o‘tkazish darajasi past bo‘lgan taqdirda yo‘l qo‘yiladi. Agar Kengash qaroriga ko‘ra kafedra mudiri, professor, dotsent, katta o‘qituvchi, o‘qituvchi-stajyor egallab turgan lavozimiga nomuvofiq deb e’tirof etilsa, u holda u bilan tuzilgan mehnat shartnomasi belgilangan tartibda to‘xtatiladi. Kafedra mudiri bilan tuzilgan mehnat shartnomasi, shuningdek kafedraga rahbarlik qilish bo‘yicha o‘z funksional vazifalarini bajarmaganligi yoki zarur darajada bajarmaganligi sababli universitet Kengashi qaroriga binoan to‘xtatilishi mumkin. 30. Universitetning pedagog xodimlar bilan tuzilgan mehnat shartnomasini to‘xtatish masalalariga doir mehnat nizolari qonun hujjatlarida belgilangan tartibda hal etiladi.
I. Umumiy qoidalar
1. Mazkur nizom Andijon davlat universiteti (keyingi o‘rinlarda “Universitet” deb yuritiladi) tizimdagi nomenklaturaga kiruvchi lavozimlarga xodimlarni qabul qilish, ularning faoliyatini baholash, boshqa lavozimga o‘tkazish va lavozimdan ozod qilish tartibini belgilaydi. Universitet tizimdagi nomenklaturaga kiruvchi lavozimlar tarkibi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 11 iyuldagi “Oliy va o‘rta maxsus talimi tizimiga boshqaruvning yangi tamoyillarini joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-4391-son qarori xamda boshqa tegishli qonun hujjatlarda nazarda tutilgan. 2. Andijon davlat universiteti (keyingi o‘rinlarda “Universitet” deb yuritiladi) hamda xodimlar o‘rtasidagi mehnat munosabatlari O‘zbekiston Respublikasining Mehnat Kodeksi, mehnat shartnomasi, jamoa shartnomasi va boshqa mehnatga oid qonun hujjatlari asosida tartibga solinadi. 3. Andijon davlat universiteti tizimdagi nomenklaturaga kiruvchi vakant lavozimlarga tegishli yo‘nalishlar bo‘yicha oliy malumotli (zarur hollarda ilmiy daraja yoki unvonga ega) xodimlar ishga qabul qilinadi (texnik va xizmat ko‘rsatuvchi xodimlar bundan mustasno). 4. Mazkur nizom quyidagilar uchun tatbiq etilmaydi: A) O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi hamda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi nomenklaturasiga kiruvchi lavozimlar; B) qonunchilikda ishga qabul qilishning alohida tartibi nazarda tutilgan lavozimlar; V) Andijon davlat universiteti texnik va xizmat ko‘rsatuvchi lavozimlar.
II. Andijon davlat universitetidagi vakant lavozimlarga elon berish nomzod (talabgor)lar hujjatlarini shakillantirish
5. Andijon davlat universitetining vakant lavozimlari xaqidagi elonlar O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligining tegishli rasmiy veb-saytlarida har oyning 5 sanasidan kechiktirmay berib boriladi. 6. Vakant lavozim bo‘yicha belgilangan malaka talablariga javob beradigan nomzod (talabgor)lar Andijon davlat universiteti xodimlar bo‘limiga to‘g‘ridan-to‘g‘ri murojaat qiladilar hamda o‘zlari xaqidagi qonunchilik talablari asosida hujjat hamda boshqa zarur hujjatlarni taqdim etadilar. 7. Xodimlar bo‘limi tomonidan vakant lavozimlar uchun nomzodlar zaxira qadrlar, oliy talim muassasalarining rahbar xodimlari, professor-o‘qituvchilari va ishchi-xodimlar yoki boshqa tashkilotlarda mehnat qilayotgan malakali xodimlar tarkibidan shakllantirilishi mumkin.
III. Andijon davlat universiteti tizimidagi prorektorlar, akademik litsey, texnikumlar direktorlari, fakultet dekanlari, bo‘lim va boshqarma boshliqlarini lavozimga tavsiya etish va tayinlash
8. Andijon davlat universitetining prorektorlari (filial direktori va uning o‘rinbosarlari) univertet rektorining tavsiyasiga ko‘ra Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vaziri tomonidan lavozimga tayinlanadi va lavozimidan ozod etiladi. 9. Universitet tizimidagi akademik litsey va texnikum direktorlari Vazirlik bilan kelishilgan holda universitet rektori tomonidan lavozimiga tayinlanadi va lavozimidan ozod etiladi. 10. Universitet tizimidagi akademik litsey va texnikum direktori o‘rinbosarlari universitet rektori bilan kelishilgan holda akademik litsey va texnikum direktori tomonidan lavozimga tayinlanadi va lavozimdan ozod etiladi. 11. Universitet tizimidagi nomenklaturaga kiruvchi boshqarma va bo‘lim boshliqlari universitet rektori tomonidan lavozimga tayinlanadi va lavozimdan ozod etiladi.
IV. Universitet tizimidagi nomenklaturaga kiruvchi lavozimlarga tavsiya etilgan nomzodlarni ko‘rib chiqish
12. Universitet tizimidagi nomenklaturaga kiruvchi lavozimlarga xodimlar shaxsiy va kasbiy sifatlar, ochiqlik, shaffoflik, adolatlilik va holislik prinsiplari asosida saralash orqali ishga qabul qilinadilar. 13. Universitet tizimidagi nomenklaturaga kiruvchi lavozimlarga tavsiya etilgan nomzodlarni ko‘rib chiqish, suhbat o‘tkaish va xulosalar berish bo‘yicha rahbar xodimlardan iborat universitet tizimidagi nomenklaturaga kiruvchi lavozimlarga kadrlrni tanlash bo‘yicha komissiya (keyingi o‘rinlarda «Komissiya» deb ataladi) tashkil etiladi. 14. Komissiya faoliyatini tashkil etish uning ish reglamentiga muvofiq amalga oshiriladi. 15. Komissiya: Universitet tizimidagi nomenklaturaga kiruvchi vakant lavozimlarga tavsiya etilgan nomzodlarni ko‘rib chiqadi hamda ularning hujjatlarini o‘rganadi; Vakant lavozimlarga tavsiya etilgan nomzodlar bilan suhbatlar o‘tkazadi, nomzodning tavsiya etilayotgan lavozimda ishlashga tayorgarligi, bilimi va malakasi, kasbiy layoqati va qobiliyatini aniqlaydi; Nomzodlarni tegishli lavozimlarga tavsiya etish yoki etmaslik bo‘yicha xulosalar qabul qiladi, zarur hollarda nomzodlar xaqida qo‘shimcha malumotlar oladi, ularning bilimi va malakasidan kelib chiqib, boshqa vakant lavozimlarga tavsiya etadi. 16. Xodimlar bo‘limi tomonidan vakant lavozimlar uchun nomzodlar ro‘yxati, ma’lumotnoma-ob’yektivkasi tayorlanadi va Komissiyaga ko‘rib chiqish uchun taqdim etiladi. 17. Komissiya tomonidan nomzodlar bilan suhbat jarayoni savol- javob asosida shaffof, ochiqlik va oshkoralik prinsipi asosida o‘tkaziladi va bayon bilan rasmiylashtiriladi. 18. Suhbat davomida nomzodlarning bilim, malaka va ko‘nikmalar, sohaga doir normativ-huquqiy hujjatlarning mazmun-mohiyatini bilish darajasi, taklif etilayotgan lavozim vazifalarini bajara olish qobiliyati kabi jixatlariga axamiyat beriladi hamda suhbat natijalari asosida tegishli xulosalar qabul qilinadi va tavsiya etiladi.
V. Ishga qabul qilish va boshqa mehnat munosabatlarini rasmiylashtirish hamda mehnat shartnomasini bekor qilish
19. Universitet tizimidagi nomenklaturaga kiruvchi vakant lavozimlarga nomzodlarni tavsiya etish xaqidagi Komissiyaning xulosasiga ko‘ra ularning yozma arizalariga binoan rektor va xodim o‘rtasida tuziladigan mehnat shartnomasi asosida ishga qabul qilinadilar. 20. Mehnat shartnomasi yozma ravishda ikki nusxada tuziladi va tomonlar o‘rtasida imzolanadi. Biri xodimga taqdim etiladi va ikkinchi nusxasi xodimlar bo‘limida saqlanadi. 21. Universitetga ishga qabul qilishda ishga kirayotgan shaxs O‘zbekiston Respublikasi Mehnat Kodeksining 80-moddasiga muvofiq quyidagi hujjatlarni taqdim etadi: pasport yoki uning o‘rnini bosadigan boshqa hujjatni; o‘rindosh asosida ishga kirayotgan shaxslar asosiy ish joyidan olgan ma’lumotnomani; harbiy xizmatga majburlar yoki chaqiriluvchilar harbiy biletini yoki harbiy hisobda turganlik xaqidagi guvohnomani; oliy yoki o‘rta maxsus, kasb-hunar talim muassasasini tamomlanganligi to‘g‘risidagi diplom (talab etilgan taqdirda) yoxud mazkur ishni bajarish huquqini beradigan guvohnomani yoki boshqa tegishli hujjatni (mavjud bo‘lsa) taqdim etadi. 22. Ishga qabul qilish vaqtida ishga kirayotgan shaxsdan qonun hujjatlarida ko‘rsatilmagan hujjatlarni talab qilish taqiqlanadi. Agar ishga kirayotgan shaxsning pasporti yoki shaxsni tasdiqlaydigan boshqa hujjati xaqiqiy bo‘lmasa, uni ishga qabul qilish rad qilinishi mumkin. 23. Ishga qabul qilishda rektorning buyrug‘i qabul qilinadi. Buyruq chiqarish uchun rektor bilan xodim o‘rtasida tuzilgan mehnat shartnomasi asos bo‘ladi. Buyruq xodimga xodimlar bo‘limi tomonidan malum qilinadi va tanishtiriladi. 24. O‘zbekiston Respublikasi Mehnat Kodeksining 84-moddasiga muvofiq mehnat shartnomasi dastlabki sinov sharti bilan tuzilishi mumkin. Dastlabki sinov muddati uch oydan oshib ketishi mumkin emas. Mehnat qonunchiligida nazarda tutilgan ayrim toifadagi shaxslarga (xomilador, uch yoshga to‘lmagan bolasi bor ayollar, bitiruvchilar va x.k.) dastlabki sinov belgilanmaydi. 25. Quyidagi shaxslar universitet tizimidagi nomenklaturaga kiruvchi lavozimlarga ishga qabul qilinmaydi: Ishlab turgan xodim yaqin qarindosh yoki quda-anda (ota-onalar, opa-singillar, farzandlar, er-xotinlar, shuningdek er-xotinlarining, ota-onalari, aka-ukalari, opa singillari va farzandlari), ulardan biri ikkinchisiga bevosita bo‘ysunsa yoki uning nazorati ostida xizmat qilishni taqozo qilsa; Ishga kirish uchun soxta hujjatlar yoki bila turib yolg‘on malumotlar taqdim etgan bo‘lsa; Qonun hujjatlarida belgilangan boshqa holatlarda. 26.O‘zbekiston Respublikasi Mehnat Kodeksining 97-moddasiga muvofiq mehnat shartnomasi quyidagi sabablarga ko‘ra bekor qilinishi mumkin: A) taraflarning kelishuviga ko‘ra; B) taraflardan birining tashabbusi bilan; V) muddatning tugashi bilan; G) taraflar ixtiyoriga bog‘liq bo‘lmagan holatlarga ko‘ra; D) mehnat shartnomasida nazarda tutilganiga ko‘ra.
VI. Xodimlarni boshqa doimiy ishga o‘tkazish (rotatsiya qilish)
27. Rotatsiya xodimni bo‘sh lavozimga o‘tkazish yoki boshqaruvni maqbullashtirish maqsadida xodimlarni boshqa lavozimlarga o‘tkazishda amalga oshiriladi. 28. Rotatsiya xodimning saloxiyatidan unumli foydalanish, korrupsiya holatlariga yo‘l qo‘ymaslik hamda manfaatlar to‘qnashuvining oldini olish, xodimning malakasi va boshqaruv tajribasini oshirish, xodimning rag‘batini oshirish, bo‘sh lavozimni to‘ldirish maqsadida o‘tkazilishi mumkin. 29. Rotatsiya o‘tkazilayotgan lavozim malaka talablariga mos bo‘lganda xodimning yozma roziligi asosida amalga oshiriladi. 30. Rotatsiya (doimiy boshqa ishga o‘tkazish) rektorning buyrug‘i bilan rasmiylashtiriladi. Buyruq chiqarish uchun xodim bilan tuzilgan mehnat shartnomasiga kiritilgan o‘zgarishlar asos bo‘ladi. 31. Xodimning roziligisiz mehnat shartlarini o‘zgartirishga faqat mehnatni tashkil etishdagi o‘zgarishlar, ishlar xajmining qisqarganligi, basharti bunday o‘zgarishlar xodimlar soni yoki ishlar xususiyatining o‘zgarishiga olib kelishi oldindan aniq bo‘lgan hollardagina xaqlidir.
VII. Xodimlar faoliyatini baholash, rag‘batlantirish va intizomiy javobgarlik
32. Xodimlarning ishdagi faoliyatiga baho beriladi va yutuqlar uchun xodimga nisbatan rag‘batlantirish hamda yo‘l qo‘ygan kamchiliklari uchun intizomiy choralar qo‘llanilishi mumkin. 33. Xizmat vazifalarini to‘liq va o‘z vaqtida bajarib kelayotgan bo‘lim rahbarlariga oylik ustamalar tegishli prorektorlar, xodimlarga esa bo‘lim rahbarlari taqdimnomasiga asosan rektor buyrug‘iga muvofiq belgilanadi. 34. Rag‘batlantirish turlari, ularni qo‘llanish tartibi jamoa shartnomalari, ichki-tartib qoidalari va boshqa ichki hujjatlarda belgilanadi. 35. Xodimlar mehnat sohasida davlat va jamiyat oldidagi alohida xizmatlar uchun davlat mukofotlariga tavsiya etilishi mumkin. 36. O‘zbekiston Respublikasi Mehnat Kodeksining 181-moddasiga muvofiq xodimga mehnat intizomini buzganligi uchun rektor quyidagi intizomiy jazo choralarini qo‘llashga xaqli. A) xayfsan B) o‘rtacha oliy ish xaqqini o‘ttiz foizdan ortiq bo‘lmagan miqdorda jarima V) mehnat shartnomasini bekor qilish. 37. Intizomiy jazo qo‘llanilishidan avval xodimdan yozma ravishda tushuntirish xati talab qilinishi lozim. Xodimning tushuntirish xati berishidan bosh tortishi uning ilgari sodir qilgan nojo‘ya xatti-xarakati uchun jazo qo‘llashga to‘siq bo‘la olmaydi.
VIII. Yakuniy qoidalar
38. Mazkur Nizomga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish rektorning buyrug‘i bilan amalga oshiriladi. 39. Ushbu Nizomda nazarda tutilmagan munosabatlar mehnat qonunchiligi va boshqa normativ-huquqiy hujjatlar bilan tartibga solinadi. 40. Ushbu Nizom talablariga rioya qilmagan shaxslarga nisbatan qonun hujjatlarida belgilangan tartibda jazo choralari qo‘llaniladi.
Kafedra yoki bo'lim | Lavozim | Ish hajmi | Ish haqi | E'lon joylangan sana | Muddati |
---|---|---|---|---|---|
Ichki audit va moliyaviy nazorat xizmati | Auditor | 1 | 2689000 | 05.06.2024 | 12.06.2024 |
Biz bilan bo`g`lanish
Adress:
O'zbekiston Respublikasi,
Andijon shahar,
Universitet ko'chasi 129-uy
Murojatlar uchun:
(74) 224-81-73, 224-81-79
Elektron pochtasi:
[email protected]